22.12.2024, Ekshembi

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 iyuldagi “Avtomobil yo'llari infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yo'l harakatini tashkil etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 584-sonli qarori haqida


O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 iyuldagi “Avtomobil yo'llari infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yo'l harakatini tashkil etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 584-sonli qarori haqida

Yo'l harakatini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, avtomobil yo'llari infratuzilmasini ilg'or xorijiy tajriba asosida rivojlantirish va yo'l harakati ishtirokchilari uchun yuqori darajada qulaylik yaratish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi  Vazirlar Kengashi qaror qiladi:
1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 iyuldagi “Avtomobil yo'llari infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yo'l harakatini tashkil etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 584-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.
2. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida ko'rsatilgan qarori bilan:
a) Quyidagilar amalga oshirilayotgan 2018-2022 yillarda O'zbekiston Respublikasida yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash kontseptsiyasi doirasida yo'l infratuzilmasini takomillashtirishning asosiy yo'nalishlari etib belgilanganligi va unga ko'ra:
birinchi - yo'l ustiga chiziqlar tortishda, yo'lovchilar o'tish joylarini, avtomobil yo'llari kesishadigan va tutashadigan joylarni, avtomobillarning qisqa muddat to'xtab turish va to'xtash joylarini qurishda innovatsion ishlanmalarni hamda nur qaytaruvchi materiallarni qo'llash asosida yo'l harakati ishtirokchilari xavfsizligini ta'minlash;
ikkinchi - yo'l harakati ishtirokchilarini yo'nalish bo'ylab sifatli navigatsiya bilan ta'minlaydigan yo'l belgilari va axborot ko'rsatkichlarini, shu jumladan chet tillardagi yo'l belgilari va axborot ko'rsatkichlarini etarli miqdorda o'rnatish orqali «gapiradigan yo'l» printsipi bo'yicha yo'l harakati ishtirokchilarining xabardorligini oshirish;
uchinchi - avtomobil yo'llari foydalanuvchilariga yuqori darajada qulaylik yaratish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yo'l bo'yi hududlarini to'liq ko'kalamzorlashtirish, obod qilish va me’moriy-landshaft loyihasini tuzish, mazkur hududlarda infratuzilma ob’ektlarini oqilona qurish hisobiga transport vositalarining ekologiyaga salbiy ta'sirini kamaytirish;
to'rtinchi - axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, texnik vositalar va dasturiy mahsulotlarni avtomobil yo'llarini qurish, to'g'rilash va ulardan foydalanish jarayoniga keng joriy etish;
beshinchi - yo'llarni ta'mirlash ishlari sifatini oshirish va hududlarni obod qilish, shuningdek, tartibga solishning texnik vositalariga qo'yilgan zamon talablariga javob beradigan, shuningdek, respublika hududlarining tabiiy-iqlim sharoitlariga moslashtirilgan zamonaviy chidamli materiallardan, bug'lovchi, tarkibiy qismlardan foydalanish hisobiga avtomobil yo'llaridan foydalnishda xarajatlarni kamaytirish;
b) quyidagilar:
2019-2023 yillarda yo'l belgilari ishlab chiqarishni va ularni respublika avtomobil yo'llariga o'rnatishni, yo'l ustiga chidamli chiziqlar tortishni tashkil etish dasturi (keyingi o'rinlarda Dastur deb ataladi)               1-ilova* ga muvofiq;
2019-2023 yillarda yo'l belgilarini ishlab chiqarishni va respublika avtomobil yo'llariga o'rnatishni, yo'l ustiga chidamli chiziqlar tortishni tashkil etish dasturini moliyalashtirish parametrlari 2-ilovaga muvofiq;
yo'l belgilari ishlab chiqarishni va ularni respublika avtomobil yo'llariga o'rnatishni, yo'l ustiga chidamli chiziqlar tortishni tashkil etish bo'yicha “yo'l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;
v) Dasturni amalga oshirish doirasida:
Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga har yili Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjetini, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlarini, tumanlar va shaharlar byudjetlarini shakllantirishda ularning parametrlarida yo'l belgilarini ishlab chiqarish, ularni xo'jaliklararo qishloq avtomobil yo'llariga, shaharlar, tuman markazlari va ularni boshqa aholi punktlari ko'chalariga o'rnatishni, yo'l ustiga chidamli chiziqlar tortishni tashkil etishni moliyalashtirish uchun byudjetdan ajratiladigan maqsadli mablag'larni nazarda tutishi;
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo'l jamg'armasiga O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasining asoslantirilgan talabnomalari bo'yicha yo'l belgilari ishlab chiqarishni va ularni umumiy foydalaniladigan avtomobil yo'llariga o'rnatishni, yo'l ustiga chidamli chiziqlar tortishni tashkil etish uchun zarur mablag'larning o'z vaqtida ajratilishini ta'minlash topshirilganligi;
Dastur parametrlarining sifatli va o'z vaqtida bajarilishini so'zsiz ta'minlash uchun shaxsiy javobgarlik O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasining raisi, Moliya vaziri, Ichki ishlar vaziri, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo'l jamg'armasi direktori, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari zimmasiga yuklanganligi;
g) “Uzavtoyo’lbelgi” DUKga “O'zeltexsanoat” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda energiya tejovchi texnologiyalar va quyosh energiyasi manbalaridan foydalangan holda elektron yo'l belgilarining, eng avvalo, axborot-ko'rsatkich va ogohlantirish belgilarining namunalarini ishlab chiqish hamda 2019 yildan boshlab ularni ishlab chiqarishni hamda magistral avtomobil yo'llari va markaziy shahar ko'chalariga o'rnatishni ta'minlash topshirilganligi;
d) O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasiga:
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha bo'lgan muddatda zamonaviy xalqaro standartlarni va ranglar gammasiga toifalangan yondashuvni, ya’ni yashil rangli axborot-ko'rsatkich belgilaridan ko'proq foydalanilishini hisobga olgan holda avtomobil yo'llarini yo'l belgilari bilan jihozlash, yo'l ustiga chiziqlar tortish va yo'l harakatini tartibga soluvchi boshqa elementlarni o'rnatishga qo'yilgan talablarni ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash;
potentsial xorijiy hamkorni aniqlagan holda yo'l belgilarini, yo'l ustiga tortiladigan chiziqlar va yo'l harakatini tartibga soluvchi boshqa elementlar uchun bo'yoqlar va termoplastni ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma korxona tashkil etish yuzasidan bir oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aniq taklif kiritish;
yo'l infratuzilmasini loyihalashtirish va undan foydalanish sohasidagi Tsindao shahrining Loyihalash va rejalashtirish instituti (Xitoy Xalq Respublikasi) bilan hamkorlikni tashkil etish masalasini ikki oy muddatda ishlab chiqish;
O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda yo'l bo'yidagi infratuzilma ob’ektlarini qurish uchun tadbirkorlik sub’ektlariga er uchastkalari berish, shuningdek, ularning zimmasiga avtomobil yo'llari atrofidagi hududlarni ko'kalamzorlashtirish va obod qilish majburiyatlarini yuklash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmini joriy etish bo'yicha taklifni ikki oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
2019 yilda ”Toshkent-Samarqand” yo'nalishi bo'ylab uzunligi 5 kilometr bo'lgan M-39 avtomobil yo'llari uchastkalarini va “Guliston-Dashtobod” yo'nalishi bo'ylab uzunligi 5 kilometr bo'lgan M-34 avtomobil yo'llari uchastkalarini qurish hamda rekonstruktsiya qilish bo'yicha dastlabki loyihalarni amalga oshirish, energiyaning muqobil manbalari asosida ko'cha chiroqlari va yo'lni tartibga soluvchi texnik vositalarni, svetodiodlar va nur qaytargichlardan foydalangan holda yo'l belgilarini, shuningdek, avtomobil yo'llari atrofidagi hududlar landshaftini loyihalashtirish va ularni ko'kalamzorlashtirishning zamonaviy elementlarini o'rnatish topshirilganligi;
e) O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga “O'zbekneftgaz”, “O'zqurilishmateriallari”, “O'zeltexsanoat”, “O'zkimyosanoat” aktsiyadorlik jamiyatlari, O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi bilan birgalikda butun yo'l infratuzilmasini kompleks takomillashtirish doirasida yo'l ustiga chiziqlar chizishda ishlatiladigan bo'yoqlar, termoplast, texnik vositalar va yo'lni tartibga soluvchi boshqa elementlarni ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi, tarkibiy qismlarni, xomashyo va materiallarni mahalliylashtirish hamda tarmoqlararo kooperatsiya dasturini uch oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish topshirilganligi;
j) O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi, Qurilish vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo'l jamg'armasining quyidagilar to'g'risidagi takliflariga rozilik berilganligi va unga ko'ra:
 O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi tarkibida:
“Maxsusyo'lqurilish” davlat unitar korxonasini (keyingi o'rinlarda “Maxsusyo'lqurilish” DUK deb ataladi) tashkil etish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish doirasida tsementbeton qoplamali avtomobil yo'llari qurilishini hisobga olib, zamonaviy ilg'or innovatsion texnologiyalarni o'rganish va joriy etishni mazkur DUK faoliyatining asosiy yo'nalishlaridan biri etib belgilash;
avtomobil yo'llarini yo'l belgilari bilan jihozlash, yo'l ustiga chiziqlar tortish va yo'l harakatini tartibga soluvchi boshqa elementlar o'rnatish bo'yicha ilg'or xorij amaliyotini qo'llash asosida loyihaviy ishlarni tashkil etishning zamonaviy texnologiyalari hamda progressiv usullarini joriy etgan holda yo'l infratuzilmasi loyihalarini ishlab chiqish uchun javob beradigan “O'zyo'lloyiha” loyiha-qidiruv instituti” davlat unitar korxonasini (keyingi o'rinlarda “O'zyo'lloyiha” DUK deb ataladi) tashkil etish;
yo'l belgilari, yo'l ustiga tortiladigan chiziqlar uchun bo'yoqlar va termoplastning standartlarga javob berishini tahlil qilish va ularni sinovlardan o'tkazish bo'yicha ixtisoslashtirilgan laboratoriyani “Uzavtoyo’lbelgi” DUK tuzilmasida tashkil etish, uni ko'chiriladigan va turg'un laboratoriyalar bilan jihozlash;
O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasida yuridik shaxs tashkil etmay Innovatsion rivojlanish jamg'armasini tuzish, avtomobil yo'llarida xavfsizlikni ta'minlash va ularni rivojlantirish muammolari bo'yicha ilmiy-tadqiqot, loyiha-konstruktorlik, texnologik ishlarni o'tkazish doirasida qo'llab-quvvatlash, avtomobil yo'llarini qurish va ulardan foydalanish sohasidagi yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini hamda intellektual tizimlarni, texnik vositalarni va dasturiy mahsulotlarni keng joriy etishni mazkur jamg'armaning asosiy vazifalari etib belgilash topshirilganligi;
z) O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasiga:
“Maxsusyo'lqurilish” DUK va “O'zyo'lloyiha” DUKning tuzilmasi, ustavlari belgilangan tartibda tasdiqlanishini, shuningdek, ularning davlat ro'yxatidan o'tkazilishini bir oy muddatda ta'minlash;
Innovatsion rivojlanish jamg'armasi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash, jamg'armani tashkil etish manbalarini va mablag'lardan foydalanish tartibini belgilash bo'yicha Hukumat qarori loyihasini ikki oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Toshkent avtomobil yo'llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti bilan birgalikda “Shaharlardagi yo'l bo'yi hududlarining eng yaxshi landshaft dizayni” nomi uchun shaharlar o'rtasida yillik tanlovlar o'tkazish bo'yicha takliflarni uch oy muddatda kiritish;
O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda 2018/2019 o'quv yilidan boshlab Toshkent avtomobil yo'llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutida “Avtomobil yo'llari estetikasi”, “Yo'l bo'yi hududlarining landshaft dizayni”, “Yo'l ustiga chiziqlar tortish”, “Yo'l harakatini tashkil etish” yo'nalishlari bo'yicha texnik kadrlar malakasini oshirish kurslari tashkil etilishini ta'minlash, zarurat bo'lsa, xorijning etuk mutaxassislarini o'qituvchilar sifatida jalb qilish topshirilganligi;
i) Toshkent shahri hokimligiga “O'zyo'lloyiha” DUK, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qurilish vazirligi va “ToshkentboshplanLITI” DUK bilan birgalikda markaziy shahar ko'chalarini qurish va rekonstruktsiya qilish bo'yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda yo'lovchilar o'tish joylarini uskunalash va texnik tartibga solish vositalari bilan jihozlashni, shu jumladan ko'zi ojizlarni mazkur sohadagi ilg'or xorijiy amaliyotni hisobga olgan holda ovozlar yordamida qo'llab-quvvatlashni nazarda tutish topshirilganligi;
k) O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasiga O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Botanika instituti, Toshkent agpap universiteti, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda yo'l qoplamasini shamol tufayli nurashidan, er osti suvlaridan, qor va qum uyumlaridan himoya qilishni ta'minlash uchun mahalliy tabiiy-iqlim shart-sharoitlarini hisobga olgan holda avtomobil yo'llari bo'ylab daraxtlar ekish bo'yicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni ikki oy muddatda ishlab chiqish topshirilganligi;
l) O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo'l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasiga muhandislik kommunikatsiyasi tarmoqlarini qurish va ta'mirlashda shahar ko'chalari va boshqa aholi punktlarining yo'l qoplamasini demontaj qilish hamda tiklash bo'yicha ishlarni nazorat qilish funktsiyalari yuklanganligi, bunda, zarurat bo'lsa, ishlar sifatini buzganlik va ishlarni tegishli ruxsatlarsiz bajarganlik uchun ma'muriy javobgarlikni qo'llash topshirilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari S.Nagmetov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar hamda tumanlar va Nukus shahri hokimliklari bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida ko'rsatilgan qarori bilan tasdiqlangan:
1-ilova*ga muvofiq, 2019-2023 yillarda yo'l belgilari ishlab chiqarishni va ularni respublika avtomobil yo'llariga o'rnatishni, yo'l ustiga chidamli chiziqlar tortishni tashkil etish dasturi; 
2-ilovaga muvofiq, 2019-2023 yillarda yo'l belgilarini ishlab chiqarishni va respublika avtomobil yo'llariga o'rnatishni, yo'l ustiga chidamli chiziqlar tortishni tashkil etish dasturini moliyalashtirish parametrlari doirasida Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha belgilangan tadbirlarning muddatida amalga oshirilishini ta'minlasin.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi manfaatdor vazirlik va idoralar hamda tumanlar va Nukus shahri hokimliklari bilan birgalikda 1 noyabrgacha muddatda kelgusi yilning hududdagi umumfoydalanishdagi avtomobil yo'llari hamda ichki xo'jaliklararo yo'llari, qishloq aholi punktlari, shahar va tuman markazlari, shahar tipidagi poselkalari ko'chalariga yo'l belgilarini o'rnatish, yo'l ustiga chidamli chiziqlar tortish ishlarining tuman (shahar)lar va yo'llar kesimida manzilli dasturlarini ishlab chiqsinlar va Vazirlar Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etsinlar.
4. Qoraqalpog'iston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjetini, tumanlar va Nukus shahar byudjetlarini shakllantirishda ularning parametrlarida yo'l belgilarini ishlab chiqarish, ularni xo'jaliklararo qishloq avtomobil yo'llariga, shaharlar, tuman markazlari va ularni boshqa aholi punktlari ko'chalariga o'rnatishni, yo'l ustiga chidamli chiziqlar tortishni tashkil etishni moliyalashtirish uchun byudjetdan ajratiladigan maqsadli mablag'larni nazarda tutishni ta'minlasin.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasiga  umumfoydalanishdagi avtomobil yo'llariga yo'l belgilarini o'rnatish, yo'l ustiga chidamli chiziqlar tortish ishlarining har yilgi dastur doirasida asoslangan zarur mablag'lar hisob-kitobini O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasiga taqdim etib borilishini ta'minlasinlar.
Dastur parametrlarining sifatli va o'z vaqtida bajarilishini so'zsiz ta'minlash uchun shaxsiy javobgarlik Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari S.Nagmetov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Moliya vaziri, Ichki ishlar vaziri, Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi boshlig'i, tumanlar va Nukus shahar hokimi zimmasiga yuklansin.
5. Qoraqalpog'iston Respublikasi Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi yuqorida ko'rsatilgan Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilangan tadbirlar doirasida o'z ishlarini tashkil etsinlar va O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi huzurida tashkil etilishi belgilangan “Maxsusyo'lqurilish” DUK va “O'zyo'lloyiha” DUKning tuzilmasiga hududiy korxonalarini kiritish bo'yicha takliflar kiritsinlar.
6. Qoraqalpog'iston Respublikasi O'rmon xo'jaligi qo'mitasi O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog'iston bo'limi, Toshkent davlat agpap universiteti Nukus filiali, tumanlar va Nukus shahri hokimliklari,  Qoraqalpog'iston Respublikasi Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi bilan birgalikda yo'l qoplamasini shamol tufayli nurashidan, er osti suvlaridan, qor va qum uyumlaridan himoya qilishni ta'minlash uchun mahalliy tabiiy-iqlim shart-sharoitlarini hisobga olgan holda avtomobil yo'llari bo'ylab daraxtlar turlarini ekish bo'yicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni bir oy muddatda Vazirlar Kengashiga kiritsinlar.
7. Qoraqalpog'iston Respublikasi Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi tumanlar va Nukus shahri hokimliklari avtomobil yo'llarida muhandislik kommunikatsiyasi tarmoqlarini qurish va ta'mirlashda shahar ko'chalari va boshqa aholi punktlarining yo'l qoplamasini demontaj qilish hamda tiklash bo'yicha ishlarini O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo'l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi ruxsatnomasi asosida amalga oshirilishini qat’iyan ta'minlasin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari S.I.Nagmetov va Qoraqalpog'iston Respublikasi Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi boshlig'i v.b. T.M.Palmuratov zimmasiga yuklansin.

Qoraqalpog'iston Respublikasi  
 Vazirlar Kengashining Raisi
    Q.Sariev