21.12.2024, Shanba

O'zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida


O'zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 

f a r m o n i

Mamlakatda mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga va yangilarini tashkil etishga qaratilgan faol investitsiya siyosati, shuningdek, aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar yildan-yilga ehtiyoj ortib borayotgan energiya resurslarini ishonchli manbalar bilan ta'minlashni talab qilmoqda.

Shu bilan birga, hozirgi vaqtda respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslariga bo'lgan ehtiyoji energiyaning qayta tiklanmaydigan manbalaridan, jumladan, resurslari cheklangan uglevodorod xom ashyolaridan ustun darajada foydalanish hisobiga qoplanmoqda. Vaholanki, mamlakatda uran xom ashyosining ulkan zaxirasi bo'la turib, amalda atom energetikasi salohiyati ishga solinmagan.

Aholi va mamlakat iqtisodiyotining elektr energiyasiga bo'lgan o'sib borayotgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, energiya hosil qiluvchi quvvatlarni ko'paytirish hisobiga energiya bilan barqaror ta'minlash, energetika sektorini diversifikatsiya qilish, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish va ushbu yo'nalishlarga ilg'or innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida:

1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (keyingi o'rinlarda “O'zatom” agentligi deb yuritiladi) tashkil etilsin.

Belgilansinki, “O'zatom” agentligi:

atom energetikasini rivojlantirish va undan foydalanish sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo'nalishlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun mas’ul bo'lgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

Vazirlar Mahkamasining Geologiya, yoqilg'i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi tarkibiga kiradi;

O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag'lar hisobiga moliyalashtiriladi.

2. Quyidagilar “O'zatom” agentligining atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi asosiy vazifalari va faoliyat yo'nalishlari etib belgilansin:

atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari bo'yicha takliflar tayyorlash, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;

O'zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, atom energetikasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb etish;

sanoat va ekologiya xavfsizligining xalqaro talablariga javob beradigan zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalarni joriy etgan holda, atom energetikasi ob’ektlarini loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish bo'yicha bitimlar va shartnomalar tuzish;

atom fani va yadro texnologiyalarini rivojlantirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni, fundamental tadqiqotlar, ilmiy-qidiruv, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlar loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish, ilg'or texnologiyalarni joriy etish;

tadqiqot va energetika atom reaktorlari, yadro-fizika qurilmalari, yadro materiallari va radiatsiya manbalarini saqlash, radioaktiv chiqindilarni ko'mish punktlarining rivojlanishini va ularning xavfsiz ishlashini ta'minlash;

respublikadagi ob’ektlarning radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligi tizimini boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda yadro avariyalari va radiatsiyaviy avariya vaziyatlarining oldini olish bo'yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqqan holda takomillashtirish;

yadro materiallari va texnologiyalari, radioaktiv materiallar tarqalmasligini ta'minlash, jismoniy himoya qilish hamda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish;

kadrlarni, shu jumladan, etakchi xorijiy institutlarda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etish;

Xalqaro atom energiyasi agentligi, Atom energiyasi bo'yicha Evropa hamjamiyati va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlik va o'zaro aloqalarni amalga oshirish;

atom energetikasi sohasiga xorijiy investitsiyalarni va ilg'or texnologiyalarni jalb etish maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar ishtirokida xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikni rivojlantirish.

3. “O'zatom” agentligi huzurida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi, O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi, Fanlar akademiyasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspektsiyasi, Sog'liqni saqlash vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, atom energetikasini rivojlantirish sohasidagi xalqaro ekspertlar tarkibiga kiritilgan Ilmiy-texnik va ekspert kengashi tashkil etilsin.

Belgilansinki, atom energetikasini rivojlantirishning strategik masalalari bo'yicha qarorlar qabul qilish “O'zatom” agentligining Ilmiy-texnik va ekspert kengashi xulosalari asosida amalga oshiriladi.

4. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir hafta muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to'g'risidagi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin;

2018 yil 1 oktyabrga qadar muddatda “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

5. “O'zatom” agentligi, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

2018 yil 20 dekabrga qadar – 2019-2029 yillarda O'zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish kontseptsiyasi loyihasi (keyingi o'rinlarda – Kontseptsiya);

2019 yil 1 iyunga qadar – ishlab chiqilgan Kontseptsiyaga muvofiq O'zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish bo'yicha investitsiya loyihalari portfeli;

2019 yil 1 noyabrga qadar – 2019-2029 yillarda O'zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish davlat dasturi loyihasini (keyingi o'rinlarda – Dastur), shuningdek, Kontseptsiya va Dasturning o'z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlarning ishlab chiqilishini va tasdiqlash uchun kiritilishini ta'minlasin.

Kontseptsiya va Dastur loyihalarini ishlab chiqishda quyidagi masalalarni hal etishga alohida e’tibor qaratilsin:

O'zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini amalga oshirish bo'yicha kompleks istiqbolni ko'rish va strategik vazifalarga;

yuqori darajadagi sanoat va ekologik xavfsizlikni ta'minlaydigan zamonaviy ilg'or texnologiyalarni qo'llagan holda atom energetikasi va tegishli infratuzilma ob’ektlarini qurishga;

yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik, shu jumladan, chiqindilar utilizatsiya qilinishi va ishlatilgan yadro yoqilg'isi saqlanishi ustidan nazoratni tashkil etishga;

atom energetikasi sohasida O'zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalarida va chet elda mutaxassislar tayyorlashga, shuningdek, ularning etakchi xorijiy kompaniyalarda stajirovka o'tashini tashkil etishga.

6. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi “O'zatom” agentligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 dekabrga qadar muddatda:

atom energetikasi sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetiga qabul kvotalari;

talabalarning atom energetikasining aniq mutaxassisliklari yuzasidan xorijiy ta'lim muassasalarida ta'lim olishi va stajirovka o'tashi bo'yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar bilan atom energetikasini rivojlantirish uchun kreditlar va grantlarni jalb etish bo'yicha tizimli ishlar olib borilishini ta'minlasin.

8. O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov zimmasiga yuklansin. 



O'zbekiston Respublikasi Prezidenti                                   Sh.MIRZIYOEV


Toshkent shahri,
2018 yil 19 iyul